KORRUPSIYA – ADOLATSIZLIK MANBAI

KORRUPSIYA – ADOLATSIZLIK MANBAI

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardanoq korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga umumdavlat miqyosidagi vazifa sifatida qaralib, uning oldini olish va davlat apparatini korrupsionerlardan tozalash bo‘yicha izchil va muntazam ishlar olib borilmoqda. 
         Xususan, mamlakatimizda huquqni muhofaza qilish organlari tarkibida korrupsiya va uyushgan jinoyatchilika qarshi kurashuvchi alohida tuzilma va bo’linmalar shakllantirildi.
         Yuqorida korrupsiyaga qarshi ko‘rilgan umumiy chora – tadbirlar haqida so‘z yuritildi. Shu o‘rinda avvalo, korrupsiya o‘zi nima?, qayerdan paydo bo‘ldi?, keltirib chiqaruvchi omillari qanday? degan haqli savollar tug’ilishi shubhasizdir.
         “Korrupsiya” atamasi lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “buzish”, “sotib olish” degan ma’nolarni anglatadi. Ushbu ikki so‘z korrupsiyaning mazmun – mohiyatini belgilab beradi. 
         1979 – yil 17 – dekabrda qabul qilingan “Mansabdor shaxslarning huquq – tartibotni saqlash borasidagi axloq kodeksida:”… korrupsiya tushunchasi milliy huquqda ta’riflanishi lozim” deyilgan bo‘lib, ushbu hodisaning “… mansabdor shaxsning mukofot beruvchi shaxs manfaati yo‘lida mansab yo‘riqnomalarini buzib yoki buzmay mansab vakolatlari sohasida amalga oshirgan har qanday shakldagi harakati yoki harakatsizligi”[1], degan taxminiy ta’rifi berilgan.
         Hozirga vaqtda korrupsiya iqtisodiy rivojlanishga putur yetkazishi, demokratik instituti va qonunning ustunligi prinsipini kuchsizlantirishi, jamoat tartibini buzishi va jamiyat ishonchini yo‘qotishi, bu bilan uyushgan jinoyatchilik hamda insoniyat xavfsizligiga nisbatan boshqa tahdidlarning gullab – yashnashiga imkon berishini barcha tan olgan. Hech bir mamalakat xoh u boy bo’lsin, xoh kambag’al ushbu salbiy hodisadan butunlay saqlana olmaydilar. Korrupsiya davlat sektorida ham, xususiy sektorda ham o‘zini ko‘rsatishi mumkin, ammo undan doimo faqat bir taraf, ya’ni jamiyat zarar ko‘radi. Lekin korrupsiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda kambag’al odamlarga yetkazadigan zarari nihoyatda katta. Korrupsiya ularning kundalik hayotiga har xil ta’sir etadi va yanada qashshoqlashuviga olib boradi., ularni iqtisodiy resurslardagi qonuniy ulushidan yohud hayot uchun zarur yordamdan mahrum etadi. Korrupsiya asosiy ijtimoiy xizmatlarni pora berish imkoni bo‘lmagan shaxslar uchun yetishib bo‘lmas narsaga aylantiradi. Korrupsiya rivojlanish uchun mo‘ljallangan ozgina mablag’ni boshqa maqsadlarga sarflab, asosiy ehtiyojlar – oziq – ovqat, sog’liqni saqlash va ta’lim sohasidagi ehtiyojlarning ta’minlanishini qiyinlashtiradi. U har xil ijtimoiy guruhlar o‘rtasida kamsitish, tengsizlik va adolatsizlikka olib keladi, xorijiy investitsiyalar va yordamlarni qochiradi, rivojlanishni sekinlashtiradi va ayni paytda rivojlanish sur’ati salbiy tomonga o‘sib borishini ta’minlaydi. Shu bois, u siyosiy barqarorlik va ijtimoiy – iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidagi jiddiy g’ov hisoblanadi.
         Darhaqiqat, hozirgi vaqtda ijtimoiy og’ishlar cho‘qqisida bo‘lgan korrupsiya nafaqat huquqshunos olimlarning balki turdosh bilim sohalari vakillarining ham e’tiborini ko‘proq tortmoqda. 
         Korrupsiya jinoyatchilikning eng xavfli shakli bo‘lib, alohida belgilarga ega bir tomondan u tizimli hodisa sifatida uyushgan, g’arazli, iqtisodiy hamda kasbiy jinoyatchilikning tarkibiy qismi hisoblanadi va ular bilan bog’liqdir. Boshqa tomondan, u jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan aniq jinoyatlar majmuidir. Sovet qonunchiligi “korrupsiya “ tushunchasini tan olmagan bo‘lsa – da, o‘sha davrlarda “lavozim jinoyatlari“ degan tushuncha mavjud edi. Korrupsiya iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizlikka keskin tahdid soluvchi to‘siq vazifasini o‘taydi. Korrupsiya iqtisodiy taraqqiyotning kushandasi sifatida e’tirof etilgan, chunki u jamiyatda kambag’allikni keltirib chiqaradi. Sababi rivojlanish uchun mo‘ljallangan jamiyatning halol va fidokorona mehnati bilan topilgan mablag’larni o‘ziga jalb qiladi. Natijada tengsizlik va adolatsizlik rivojlanishi uchun zamin yaratadi. Bu ijtimoiy keskinlikni keltirib chiqaradi, jamiyatda ijtimoiy zo‘riqish paydo bo‘ladi va ommaviy tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
         Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida “biz o‘z mustaqilligimizni qo‘lga kiritib, yangi taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘yganimizdan so‘ng xalqimizning xohish – irodasi, asriy orzu – intilishlariga tayangan holda, sho‘ro davridan og’ir meros bo‘lib qolgan ma’muriy – buyruqbozlik tizimini tubdan isloh qilish, uning o‘rnida mohiyat e’tibori bilan butunlay yangi – erkin bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etishga azmu qaror qildik”[2]. deb yozadi. Zero, “ Har bir davlat tarixida yangi ijtimoiy sifat holatiga o‘tishda, afsuski, korrupsiya va jinoyatchilik kabi jirkanch hodisa yuz beradi. Shu bilan birga, jinoyatchilikning o‘sishi nafaqat islohotlar yo‘liga jiddiy to‘siq, balki o‘tish davrida belgilangan maqsadlarga erishishga ham bevosita tahdid tug’diradi”[3].
         Tarixan qisqa davr ichida mamlakatda qonuniylik va huquq – tartibotni ta’minlashning institutsional va huquqiy asoslari shakllantirildi, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi. Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni amalga oshirish davomida milliy qonunlarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini singdirish masalasiga alohida e’tibor berildi va buning amaldagi isboti sifatida 2008-yilda qabul qilingan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g’risida”gi Qonunda o‘z aksini topdi. Bundan tashqari, mamalakatimizda dunyoviy va demokratik taraqqiyot yo‘lining huquqiy asoslarini belgilovchi mukammalroq qonunlar ishlab chiqishga e’tibor berilmoqda. Bozor munosabatlarini takomillashtirish borasida amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Davlat boshqaruvi tizimi “shaffof”, tadbirkorlik faoliyati rivojlanishi uchun normativ – ma’muriy to‘siqlarni minimal darajaga keltirish orqali davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ana shunday islohotlarning amaldagi isboti sifatida, oliy ta’lim muassasalari xususan, bizning oliygohda ham talabalarni erkin fikr bildirishlari, o‘z fikrlarini ochiq – oshkora ifodalab berishlari uchun anonim so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda. Bundan kutiladigan natija shuki, ushbu illatning kelajak egalari bo‘lmish yosh avlod vakillarini sifatli ta’lim olishlarini ta’minlash hamda ushbu illatning ta’lim tizimida ildizini yo‘q qilishdan iboratdir. Ushbu ishni amalga oshirishda har bir fuqaro, xoh u talaba bo‘lsin xoh u mansabdor shaxs bo‘lsin mas’uliyat bilan qonun doirasida o‘z majburiyatlarini bajarishi shartdir.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti
Yengil sanoat texnologiyasi va dizayn fakulteti talabasi
Qo‘ldosheva Farangiz
[1] Уголовный кодекс Республики Казахстан. – Алматы, 2007.
[2] Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T., 2008. – B. 102.
[3] Karimov I.A. O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari. – T., 1997. – B.76.
скачать dle 12.1

Boshqa yangiliklar

YOPISH